+998 90 178 72 00Konsultatsiya

Sud amaliyoti

Nikoh davrida sotib olingan uy ayolning shaxsiy mulki deb topildi

Turmush oʻrtogʻi vafotidan keyin uning singlisi vasiyat boʻyicha ishonch bildiruvchimizning uyidan ulush talab qildi. Uy sotib olinganda oila amalda buzilganini isbotladik va sud uyni ishonch bildiruvchimizning shaxsiy mulki deb topdi.

Natija
232,98 m² uy shaxsiy mulk deb topildi
Sud
Mirobod tumanlararo fuqarolik ishlari sudi
Qaror sanasi

Vaziyat

Er-xotin 1990-yildan rasmiy nikohda boʻlgan, biroq 2019-yildan birga yashamagan va umumiy roʻzgʻor yuritmagan. Ajralish rasmiylashtirilmagan.

2023-yil aprelida ishonch bildiruvchimiz voyaga yetgan oʻgʻli bilan oʻz mablagʻlari hisobiga Toshkentda uy sotib olib, uni qayta qurgan. 2024-yil yanvarida turmush oʻrtogʻi vafot etgan va mol-mulkini vasiyat boʻyicha singlisiga qoldirgan. Singlisi uy nikoh davrida olinganini asos qilib, undan ulush talab qildi.

Biz nima qildik

Oila kodeksining 23-moddasiga koʻra nikoh davrida orttirilgan mol-mulk umumiy hisoblanadi. Biroq 27-modda istisnoni nazarda tutadi: oilaviy munosabatlar tugagan boʻlsa, alohida yashash davrida olingan mol-mulk har bir er-xotinning shaxsiy mulki deb topilishi mumkin. Shuni isbotlash kerak edi.

Xarid hujjatlari, mablagʻ manbalari, erning 2021-yildagi notarial arizasi va alohida yashash dalillari taqdim etildi. Hal qiluvchi dalil esa suhbatda tasodifan tilga olingan oilaviy janjaldan topildi: avvalgi ichki ishlar organlari tekshiruvi materiallarida qarshi tomon qarindoshlarining oʻzi er-xotin uzoq yillar alohida yashaganini aytgan edi. Bu ularning sudda egallagan pozitsiyasiga zid edi.

Natija

2025-yil 6-yanvarda Mirobod tumanlararo fuqarolik ishlari sudi daʼvoni qanoatlantirdi: umumiy maydoni 232,98 m² boʻlgan uy ishonch bildiruvchimizning shaxsiy mulki deb topildi. Sud qarorida ichki ishlar organlari materiallari er-xotinning uzoq yillar alohida yashaganini tasdiqlashi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatildi.

Ishonch bildiruvchining maʼlumotiga koʻra, qarshi tomon qarordan shikoyat qilmagan.

Material haqiqiy ish asosida tayyorlangan; ishonch bildiruvchilarning shaxsiy maʼlumotlari oshkor etilmaydi. Har bir ish individual: bitta ishning natijasi boshqa ishda xuddi shunday qaror chiqishini kafolatlamaydi.